Amazon, Zalando, Shein, Allegro, Temu va Snoonu orqali eksport qilishni xohlaysizmi?
2026-08-10 / Voqealar taqvimi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi mahalliy yengil sanoat va to‘qimachilik korxonalarini xalqaro elektron savdo platformalariga olib chiqish maqsadida maxsus Ishchi guruh tashkil etmoqda.
Bugungi kunda dunyoning yetakchi marketplace platformalari orqali millionlab iste'molchilar xaridlarni amalga oshirmoqda. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining eksport geografiyasini kengaytirish, xalqaro elektron savdo bozorlariga kirishini jadallashtirish hamda "Made in Uzbekistan" brendining global bozordagi mavqeini mustahkamlashdan iborat.
Loyiha doirasida quyidagi yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib boriladi:
— Amazon, Zalando, Shein, Allegro, Temu va Snoonu platformalarida O‘zbekiston mahsulotlarini joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;
— Mazkur marketplace platformalarini O‘zbekistonda rivojlantirish va ommalashtirish;
— Davlat tomonidan marketplace eksportini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi yengillik va imtiyozlar ishlab chiqish;
— Xalqaro marketplace kompaniyalari bilan Hukumat nomidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish;
— Tanlab olingan korxonalarga platformalarda ro‘yxatdan o‘tish, mahsulotlarni joylashtirish, logistika, sertifikatlash, savdo jarayonlari hamda eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish.
Ishchi guruh tarkibi: Ishchi guruhga 20 ta mahalliy kompaniyadan, har biridan 1 nafardan mas'ul mutaxassis jalb etiladi.
Nomzodlar suhbat asosida saralab olinadi hamda loyiha davomida xalqaro marketplace platformalariga chiqish bo‘yicha bevosita amaliy jarayonlarda ishtirok etadilar.
Nomzod kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar:
- Marketplace platformalarida ishlashga yuqori qiziqish va tayyorlik;
- Yetarli ishlab chiqarish yoki savdo salohiyati (ishlab chiqarish hajmi, mahsulot sifati, eksport tajribasi va boshqalar);
- Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga tayyorlik;
- Marketplace platformalarida ishlash tajribasi (ustunlik beradi);
- Platformalar amaliyotida qo‘llaniladigan 60 kungacha kechiktirilgan to‘lov (debitorlik) shartlariga rozilik;
- Ishchi guruhga biriktiriladigan mutaxassisning ingliz tilini bilishi;
- Mutaxassisning marketplace platformalarida ishlash bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishi.
Ariza topshirish muddati: 2026-yil 10-avgust
Ariza topshirish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘ting.
Eslatma: Ariza topshirgan kompaniyalar vakillari suhbat asosida saralab olinadi. Ishchi guruh tarkibiga eng salohiyatli va xalqaro marketplace platformalarida ishlashga tayyor korxonalar jalb etiladi.
Bu — O‘zbekiston mahsulotlarini Amazon, Zalando, Shein, Allegro, Temu va Snoonu kabi dunyoning yetakchi elektron savdo platformalariga olib chiqish hamda eksportni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim tashabbusdir.
