Konstitutsiya sahifasi

“Konstitutsiya — huquqiy davlat kafolati” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida “Konstitutsiya — huquqiy davlat kafolati” mavzusida ochiq muloqot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida Konstitutsiyaning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, qonun ustuvorligi, ochiqlik va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Avvalo, ta’kidlash joizki, Konstitutsiya — bu shunchaki huquqiy hujjat emas. U davlatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini belgilab beruvchi, jamiyat hayotining barcha jabhalarini tartibga soluvchi, eng muhimi, inson huquq va erkinliklarini kafolatlovchi bosh Qonundir.
Aynan Konstitutsiya orqali huquqiy davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatli jamiyat qurish yo‘li belgilangan.
Bugungi kunda O‘zbekiston taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichida Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati yanada oshib bormoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, barcha islohotlarning markazida inson manfaatlari turishini yaqqol namoyon etmoqda.
Bugun huquqiy davlat deganda biz, eng avvalo, qonun oldida barchaning tengligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, adolatli sud tizimi va fuqaroning huquqlari ishonchli himoyalangan jamiyatni tushunamiz. Konstitutsiya ana shu tamoyillarning mustahkam huquqiy asosidir.
Yengil sanoat sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi va strategik tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mazkur sohada minglab tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda, yuz minglab ish o‘rinlari yaratilgan. Albatta, bunday keng ko‘lamli faoliyat faqatgina huquqiy barqarorlik, qonun ustuvorligi va ishonchli kafolatlar mavjud bo‘lgan sharoitda samarali rivojlanadi.
Konstitutsiyamizda belgilangan mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligi, adolatli raqobat muhitini ta’minlash kabi normalar yengil sanoat sohasining barqaror rivojlanishi uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Agentligimiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashabbuslar va qarorlar aynan ushbu konstitutsiyaviy tamoyillarga tayangan holda qabul qilinmoqda.
Bugungi ochiq muloqot tadbirining asosiy maqsadi — Konstitutsiyaning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyatini keng jamoatchilik bilan birgalikda muhokama qilish, yengil sanoat sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida ochiq fikr almashishdan iborat.
Eng muhimi, mavjud savollar va muammolar yuzasidan ochiq va asosli javoblar berishdir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, huquqiy davlatni barpo etishda faqat davlat organlarining sa’y-harakatlari yetarli emas. Bu jarayonda har bir fuqaroning, har bir xodimning va har bir rahbarning huquqiy ongi va madaniyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyani bilish, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va unga qat’iy amal qilish — barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning barchasi Konstitutsiyaviy normalarga tayanadi va ularning hayotga tatbiq etilishi orqali huquqiy davlat tamoyillari mustahkamlanmoqda.
Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
