LPP S.A. delegatsiyasi Buxoro viloyatidagi to‘qimachilik korxonalariga tashrif buyurdi
2026-08-04 18:55:00 / Yangiliklar

Polshaning yirik fashion-riteylerlaridan biri – LPP S.A. kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Buxoro viloyatidagi yirik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga tashrif tashkil etildi.
Tashrif davomida delegatsiya “Buxoro Azteks” (Amirtex), “Haj Textile” hamda “Mergan Textile” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonalarda mehmonlarga ishlab chiqarishning to‘liq texnologik zanjiri, zamonaviy uskunalar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati, sifat nazorati tizimi hamda eksport salohiyati yuzasidan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, delegatsiya ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita ko‘zdan kechirib, xalqaro standartlar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar hamda eksport uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida LPP S.A. kompaniyasi vakillari va korxonalar rahbariyati o‘rtasida istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari, xalqaro brendlar talablariga mos mahsulot ishlab chiqarish, yangi buyurtmalarni yo‘lga qo‘yish hamda uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, korxonalarda joriy etilgan BSCI, Sedex va OEKO-TEX kabi xalqaro sertifikatlar, ularning mahsulot sifati va ijtimoiy mas’uliyatni ta’minlashdagi ahamiyati hamda LPP S.A. bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdagi o‘rni muhokama qilindi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozorlaridagi ulushini oshirish hamda yangi eksport buyurtmalarini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.


