Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi savdo palatalari hamda yirik sanoat korxonalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2026-08-03 20:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi savdo palatalari hamda yirik sanoat korxonalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston yengil sanoatining rivojlanish ko‘rsatkichlari, investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti va mavjud imtiyozlar taqdim etildi. Tomonlar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muzokaralar davomida sintetik tolalar, sun’iy ip-kalava, texnik matolar va boshqa zamonaviy to‘qimachilik materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish, logistika va eksport salohiyatini oshirish hamda B2B uchrashuvlarini muntazam tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish va yengil sanoat sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.






