O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi Qatar Davlatiga tashrif uchun delegatsiya shakllantirmoqda.
2026-08-10 / Voqealar taqvimi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi Qatar tomoni bilan hamkorlikda o‘zbek yengil sanoati korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini Qatar Davlatida joylashtirish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini ishlab chiqmoqda.
Loyiha doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan gazlama va trikotaj polotnolari Qatar erkin iqtisodiy zonasida qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Iroq, Misr, Marokash, Quvayt, Turkiya hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari bozorlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan 2026-yil avgust oyining ikkinchi yarmida Qatar Davlatiga amalga oshiriladigan xizmat safari uchun delegatsiya tarkibi shakllantirilmoqda.
Tashrif doirasidagi asosiy yo‘nalishlar:
— erkin iqtisodiy zona faoliyati va infratuzilmasi bilan tanishish;
— ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shartlari yuzasidan erkin iqtisodiy zona rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish;
— to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik mahsulotlari ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilish;
— ulgurji va chakana savdo omborlarini tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqish;
— Qatarda shourumlar va "Pop up Store" maydonlarini ochish hamda mahsulotlarni yirik savdo tarmoqlariga joylashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazish.
Qatar erkin iqtisodiy zonalarida faoliyat yuritish korxonalarga bir qator afzalliklarni taqdim etadi:
- 100 foiz xorijiy egalik huquqi;
- 20 yilgacha korporativ soliq imtiyozlari;
- import bojxona bojlarining nol stavkasi;
- jismoniy shaxslar daromad solig‘ining mavjud emasligi;
- Hamad porti va Hamad xalqaro aeroporti orqali rivojlangan logistika imkoniyatlari.
Loyiha taqdimoti va batafsil ma’lumotlar ilova qilingan faylda mavjud.
Ishtirok etish uchun: delegatsiya tarkibiga kiritilish istagidagi korxona rahbarlari va vakillari 2026-yil 10-avgustga qadar [mazkur havola] orqali ro‘yxatdan o‘tishlari so‘raladi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tashrif davomida muhokama qilinishi lozim bo‘lgan taklif va savollaringizni, shuningdek Qatarda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha mavjud masalalarni ham kiritishingizni soʻraymiz
Mazkur loyiha O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, yangi eksport yo‘nalishlarini yaratish hamda xalqaro ishlab chiqarish va logistika platformalaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Aloqa uchun: Loyiha koordinatori Zarifov Murodjon (90) 910-09-01 | (Telegram) @mzj_zh
