O‘zbekiston va LuLu Group o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-07-11 19:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Janubiy Afrika Respublikasiga xizmat safari doirasida Agentlik direktori o'rinbosari Ruxullo Zikrillayev hamda LuLu Group asoschisi va Boshqaruv kengashi raisi M. A. Yusuff Ali bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumot uchun: LuLu Group Fors ko‘rfazi mintaqasidagi eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lib, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Ummon, Quvayt va Bahraynda faoliyat yuritadi. Kompaniya tarkibida 267 dan ortiq gipermarket va supermarketlar mavjud bo‘lib, chakana savdo, xalqaro import va xaridlar, xususiy savdo belgisi (Private Label) ostida mahsulot ishlab chiqarish hamda elektron tijorat yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir qatorda to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak, uy tekstili, poyabzal, maishiy texnika hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari savdosi bo‘yicha ham mintaqadagi yetakchi operatorlardan biri hisoblanadi. LuLu Groupning yillik aylanmasi qariyb 7,9 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlarini LuLu Group savdo tarmog‘i orqali Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Dastlab premium segmentdagi mahsulotlarni joylashtirish, keyingi bosqichlarda esa yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar assortimentini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, LuLu Group bosh ofisi huzuridagi savdo markazida O‘zbekiston kompaniyasi tomonidan LuLu Pop-Up Store formatidagi savdo maydonchasini tashkil etish, logistika jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda uy tekstili, sochiqlar, futbolkalar va boshqa tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini kompaniyaning xalqaro savdo tarmoqlari orqali realizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etiladigan mahsulotlar assortimenti asosida savdo maydoni dizaynini ishlab chiqish hamda 100 kvadrat metr maydonda "Made in Uzbekistan" savdo burchagini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning eksport salohiyatini Fors ko‘rfazi mamlakatlarida yanada kengaytirish, milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini LuLu Group savdo tarmog‘ida keng namoyish etish hamda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.








