Janubiy Afrika Respublikasida “MBK Holding” bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-11 16:10:00 / Yangiliklar

2026-yilning 11-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Janubiy Afrika Respublikasiga xizmat safari doirasida Agentlik direktori o'rinbosari Ruxullo Zikrillayev hamda Qatar Davlatining yirik investitsiya va sanoat xoldingi — “MBK Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Shayx Mansur bin Xalifa Ol-Soniy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida to‘qimachilik sanoati, investitsiyalarni jalb etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha muzokaralar olib borildi.
“MBK Holding” rahbariyati sun’iy, sintetik va o‘simlik tolalaridan tayyorlanadigan kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Qatar hududida ichki bozor ehtiyojlarini qondirish hamda uchinchi mamlakatlarga reeksport qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishda O‘zbekiston korxonalari bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston hududida pillachilik va poliester yo‘nalishlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida “MBK Holding” rahbariyati O‘zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishini hamda hamkorlikka oid masalalarni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

