Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va AKA Bank o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi
2026-06-19 18:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev hamda Germaniyaning AKA Ausfuhrkredit-Gesellschaft m.b.H. (AKA Bank) bosh ijrochi direktori Mark Vengrzik o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston yengil sanoati va to‘qimachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va AKA Bank o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida axborot almashish, eksportni moliyalashtirish mexanizmlarini o‘rganish hamda Germaniyaning eksport-kredit agentliklari kafolati ostida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Tomonlar kelgusida yengil sanoat korxonalarini zamonaviy texnologiyalar va uskunalar bilan ta’minlash, eksportga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy institutlar ishtirokidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.





