O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-19 15:35:00 / Yangiliklar

2026-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbariyati hamda Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi direktori Faysal Ba Abdullah o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yengil sanoat sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining yirik ishlab chiqaruvchilari, savdo tarmoqlari va brendlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston mahsulotlarini Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga samarali yetkazib berish uchun logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar tarmoq biznes-forumlarini tashkil etish, investorlar va tegishli davlat idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan yirik ko‘rgazma va taqdimot tadbirlarida, jumladan, Riyadh Season doirasidagi milliy pavilon loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilgari surilgan tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish hamda Saudiya Arabistoniga biznes-missiya tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.





