O‘zbekiston va Amerika–Afg‘oniston savdo palatasi o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-18 16:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida Afghan-American Chamber of Commerce asoschisi va direktori Jeffri Griko bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston yengil sanoati va to‘qimachilik tarmog‘ining bugungi holati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Afg‘oniston fuqarolarini O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish masalasi bo‘ldi.
Tomonlar ushbu tashabbus mehnat resurslarining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘rgatish va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Shuningdek, Afg‘onistondan kelgan mutaxassis va ishchilarni O‘zbekistondagi zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish, soha bo‘yicha ta’lim dasturlarini tashkil etish hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Jeffri Griko O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish borasida erishilgan natijalarni yuqori baholab, mamlakat tajribasi Afg‘oniston uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, tajriba almashish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.






