O‘zbekiston–Polsha iqtisodiy hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
2026-06-12 16:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga tashrifi doirasida Polsha Iqtisodiy taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi Davlat kotibi, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Polsha hukumatlararo komissiyasining hamraisi Mixal Yaros bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida yengil sanoat, savdo, logistika, investitsiyalar hamda elektron tijorat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar institutsional hamkorlikni mustahkamlash, xususan, Lodz shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston yengil va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari xabi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, Polsha bayyerlari, chakana savdo tarmoqlari, distribyutorlar, marketpleyslar va o‘zbek ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, Polsha brendlari uchun O‘zbekistonda kontrakt ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida o‘zbek mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi talablari asosida sertifikatlashtirish, standartlashtirish, qadoqlash va markirovka qilish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar hukumatlararo komissiya doirasidagi mavjud mexanizmlardan samarali foydalangan holda, yengil sanoat sohasidagi hamkorlikni aniq loyihalar va amaliy natijalarga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning Yevropa bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘ldi.




