Polshada o‘zbek mahsulotlari uchun yangi showroom ochildi
2026-06-12 15:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga tashrifi doirasida Lodz shahrida "ART SOFT HOLDING" korxonasining yangi showroomi tantanali ravishda ochildi.
Ochilish marosimida Agentlik direktori N.Xolmurodov so‘zga chiqib, showroom faoliyatiga rasmiy start berdi. Ta’kidlanganidek, bunday showroomlar O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarini Yevropa bozorida keng targ‘ib qilish, yangi biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda eksport hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida mehmonlar va hamkorlar korxona tomonidan ishlab chiqarilgan, zamonaviy dizaynga ega, yuqori sifatli hamda Yevropa standartlariga to‘liq mos mahsulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Showroomda tayyor tikuv-trikotaj, tekstil va boshqa eksportbop mahsulotlar namoyish etildi.
Mazkur showroom faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yengil sanoati korxonalarining Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirish, yangi xaridor va hamkorlarni jalb etish hamda mahalliy mahsulotlar eksporti geografiyasini yanada kengaytirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.




