“Polsha–Turkiya” tadbirkorlar uyushmasi — POTİAD raisi Habesh Fakibaba bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-10 15:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodovning Yevropa mamlakatlariga amalga oshirayotgan tashrifi doirasida Polsha Respublikasida “Polsha–Turkiya” tadbirkorlar uyushmasi — POTİAD raisi Habesh Fakibaba bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Polshada faoliyat yuritayotgan turkiyalik tadbirkorlar bilan amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlarini yangi savdo kanallari orqali ilgari surish hamda buyurtma asosida mahsulot yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Polshada faoliyat yuritayotgan turkiyalik importerlar, distribyutorlar, savdo vositachilari va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini shakllantirish, shuningdek, ular orasidan O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirishi mumkin bo‘lgan potensial hamkorlarni aniqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Lodz shahrida ochilayotgan O‘zbekiston yengil va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari xabidan mahsulot namunalari bilan tanishish, muzokaralar o‘tkazish hamda potensial hamkorlar bilan dastlabki aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun samarali amaliy maydoncha sifatida foydalanish imkoniyatlari alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, Turkiya korxonalarini O‘zbekistonga relokatsiya qilish, mamlakatimizda mavjud qulay investitsion muhit va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida POTİAD imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda o‘zbek ishlab chiqaruvchilari, Polshada faoliyat yuritayotgan turkiyalik tadbirkorlar va mahalliy biznes vakillari o‘rtasida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlari uchun yangi savdo yo‘nalishlarini yaratish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda Yevropa bozorlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


