Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi
2026-06-05 12:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 3-6-iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilayotgan XXIX Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (ПМЭФ–2026) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari
Baxtiyor Muxammadsaidov xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar olib bordi.
Xususan, Hindistonning yirik sanoat va biznes vakillari — Dr. Asif Iqbal hamda Wali Kashvi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Hindistonning tarmoq korxonalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, forum doirasida Hindistonning India Core Engineering kompaniyasi rahbari Ruchik Patel bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston yengil sanoat korxonalarini malakali ishchi kuchlari hamda turli yo‘nalishlardagi mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida muntazam muloqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda kadrlar ta’minoti yo‘nalishida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, India Core Engineering kompaniyasi bilan Anglashuv memorandumini imzolash yuzasidan ham kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: India Core Engineering kompaniyasi Rossiya, Serbiya, Polsha va Bolgariya davlatlarida o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lib, ishlab chiqarish korxonalarini turli sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislar bilan ta’minlash yo‘nalishida katta tajribaga ega.




