O‘zbekiston va Serbiya yengil sanoat sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
2026-05-26 19:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov boshchiligidagi delegatsiyaning Serbiya Respublikasiga amalga oshirayotgan tashrifi doirasida, Serbiya Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat kotibi Andrijana Yovanovich bilan yengil sanoat sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston xomashyosi va matolarini yetkazib berish, Serbiya hududida yengil sanoat ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek yengil sanoat sohasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini kengaytirish hamda Yevropa bozorlariga eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.






