O‘zbekiston va Afg‘oniston yengil sanoat hamda savdo yo‘nalishlarida yirik kelishuvlarga erishdi
2026-05-21 11:15:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-may kuni Afg‘onistonga amalga oshirilgan tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov hamda Afg‘oniston Savdo va sanoat vaziri Nuriddin Aziziy o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, savdo aylanmasini oshirish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Afg‘oniston viloyatlarida o‘zbek paxta navlarini ekish, yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, shuningdek afg‘onistonlik mutaxassislarni O‘zbekistonda o‘qitish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, ipakchilik sohasini rivojlantirish, mahalliy aholiga zamonaviy texnologiyalarni o‘rgatish va malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat yo‘nalishida terini qayta ishlash va charm zavodlarini ishga tushirish, kashmir yig‘ish punktlarini tashkil etish hamda yangi tikuvchilik korxonalarini ochish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Uchrashuv yakunida Afg‘onistonning yirik viloyatlarida O‘zbekiston korxonalarining brend do‘konlari va savdo nuqtalarini ochish, Afg‘onistonga yengil sanoat mahsulotlarini olib kiruvchi yirik importyorlarning O‘zbekistonga biznes-tashriflarini tashkil etish hamda Termiz shahrida yirik O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.


