Gonkongda “Inside Fashion” tashkiloti bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-05-06 11:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Gonkongga amalga oshirilgan xizmat tashrifi doirasida Gonkongning Inside Fashion tashkiloti boshqaruv direktori Jane Singer ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston yengil sanoatining xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlash, eksport salohiyatini kengaytirish hamda global hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda, xususan, O‘zbekistonni yengil sanoat sohasida yangi ta’minot va xarid yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar tomonidan mamlakatni xalqaro bozorlarda samarali ilgari surish maqsadida eng istiqbolli mahsulot toifalarini aniqlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Inside Fashion platformasi bilan axborot-tahliliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bozor tahlillari va sanoat tendensiyalari bo‘yicha hamkorlik formatlarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv davomida sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilashda xalqaro ekspert tavsiyalarini jalb etish muhimligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Inside Fashion – global moda sanoati, ta’minot zanjirlari va ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur tahliliy ma’lumotlar taqdim etuvchi xalqaro platforma bo‘lib, yetakchi brendlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, O‘zbekiston yengil sanoatini xalqaro maydonda faol ilgari surish hamda aniq amaliy natijalarga erishishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar
