Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-03-18 10:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda OTBning O‘zbekiston bo‘yicha operatsion faoliyat rahbari
M. G‘ulomov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Agentlik tomonidan yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha takliflari taqdim etildi:
–quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya samaradorligini oshirish;
zamonaviy laboratoriya markazlarini tashkil etish;
–charmsanoat yo‘nalishida kompetensiya markazlarini yaratish;
–ipakchilik, gilamchilik va to‘qimachilik sohalarida aholi salohiyatini oshirish;
– mahsulot sifatini yaxshilash va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiruvchi platformalarni joriy etish.
Mazkur tashabbuslar orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport salohiyatini kuchaytirish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirish maqsad qilingan.
Ma’lumot uchun:
Osiyo Taraqqiyot Banki 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 60 dan ortiq davlatlarni birlashtiradi. O‘zbekiston ushbu bankka 1995-yilda a’zo bo‘lgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






