O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-87 sonli qarori qabul qilindi
2026-03-09 10:50:00 / Yangiliklar

2026-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori (https://lex.uz/uz/docs/-8076435) qabul qilindi.
Mazkur qaror ipakchilik tarmog‘ini izchil rivojlantirish, pilla yetishtirish hajmini oshirish hamda mahsulotlarni chuqur qayta ishlash orqali eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2030-yilgacha ipakchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Jumladan, pilla yetishtirish hajmini sezilarli darajada oshirish, ipak mahsulotlari eksportini ko‘paytirish hamda mahsulotlarni chuqur qayta ishlash darajasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qaror doirasida ipakchilik sohasida faoliyat yuritayotgan hamda ushbu yo‘nalishda ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun qator imkoniyatlar yaratiladi.
Xususan:
- ipak qurti parvarishi uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish va yangi tutzor plantatsiyalarini barpo etish;
- pilla yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
- ipakchilik klasterlari faoliyatini kengaytirish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish;
-hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash;
-tayyor ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini oshirish.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlar uchun ipakchilik sohasida xomashyo yetishtirishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirda faoliyat yuritish imkoniyati yanada kengayadi.
Bu esa mamlakatimizda ipakchilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlari yaratilishiga hamda milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
