Yengil sanoat sohasida Germaniya bilan hamkorlik muhokama qilindi
2026-02-20 16:45:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Germaniyaning Curt Bauer kompaniyasi bosh menejeri Burkxard Oel bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida “Curt Bauer” kompaniyasini O‘zbekistonga relokatsiya qilish, ishlab chiqarish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Agentlik rahbari N.Xolmurodov yengil sanoat tarmog‘iga yetakchi xorijiy brendlarni jalb etish mamlakatda eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mutaxassislar malakasini yuksaltirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Xususan, “Buxoro zarhal” klasteri tarkibidagi “Kamalak shabnam teks” MChJ tomonidan “Curt Bauer” brendi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmini 2026-yilda 10 million yevroga, 2027-yilda 40 million yevroga va 2028-yilda 50 million yevroga yetkazish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning kamida 60 foizini eksport qilish rejalari ma’lum qilindi. Shuningdek, 2028-yilga qadar kamida 100 nafar mahalliy mutaxassislarning Germaniyada malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda yengil sanoat sohasida xorijiy brendlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, jumladan, “Curt Bauer” brendi uchun jalb etilgan mutaxassislar ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplash, ayrim asbob-uskunalar va transport vositalarini bojxona to‘lovlari hamda utilizatsiya yig‘imlaridan ozod etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish hamda yengil sanoat tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.







