Strategik hamkorlik: organik paxtadan global brendlargacha
2026-02-20 15:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori
Nozimjon Xolmurodov Turkiyaning yetakchi agro-sanoat kompaniyalaridan biri — "DoCotton Group" boshqaruv kengashi raisi Mehmet Doğan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv amaliy natijalarga yo‘naltirilgan aniq "strategik kun tartibi" asosida bo‘lib o‘tdi.
Asosiy muhokama yo‘nalishlari:
— Turkiyaga oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosining joriy holati va keyingi bosqichlari;
— Qashqadaryo viloyatida 15 ming gektar yer maydonida GOTS, OCS, Regenerative Agriculture (Renagri) va BCI standartlari asosida organik paxta yetishtirish hamda chuqur qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘yish;
— "Inditex", "Hugo Boss", "IKEA" va boshqa yetakchi global brendlarga tayyor mahsulot yetkazib berish, shuningdek, 420 ming AQSH dollari ekvivalentidagi uglerod birliklarini realizatsiya qilishga qaratilgan loyiha takliflari.
Ma’lumot uchun: "DoCotton Group"2021-yildan buyon dunyoda organik paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning Turkiyadagi paxta hosildorligi 65–75 s/ga, ishlab chiqarish quvvatlari esa Turkiya, Qirg‘iziston va Tojikistonda joylashgan.
Kompaniya Turkiyaning jami paxta importining 12 foizini ta’minlaydi, yillik aylanmasi — 500 mln AQSH dollari, sof daromadi esa 120 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, "FORTUNE 500 Türkiye" reytingida 466-o‘rinni egallagan.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda organik paxta yetishtirishdan tortib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan "to‘liq qiymat zanjirini shakllantirish", xalqaro sertifikatlar asosida eksport geografiyasini kengaytirish hamda “yashil” sanoat tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.






