O‘zbekiston–Serbiya biznes forumi doirasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi
2026-02-20 12:45:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-fevral kuni O'zbekiston-Serbiya biznes forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Serbiya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Adriana Mesarović boshchiligidagi delegatsiya bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar to‘qimachilik, charm-poyabzal, texnik tekstil va uy tekstili yo‘nalishlarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek, Serbiyaning Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning to‘liq integratsiyalashgan qiymat zanjiri, GSP+ imtiyozli savdo rejimi, raqobatbardosh mehnat resurslari hamda maxsus iqtisodiy zonalarda yaratilgan qulay shart-sharoitlar Serbiya tomoni uchun istiqbolli imkoniyatlar ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, barqaror rivojlanish, “yashil” sanoatga o‘tish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va ekologik standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yengil sanoat sohasida amaliy loyihalarni ilgari surish, ishchi guruhlar tashkil etish hamda biznes doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldilar.








