Soliqlarni–oʻz vaqtida toʻlash majburiyatdir
2024-04-04 10:25:00 / Yangiliklar

Soliqlar - davlat tomonidan amaldagi qonunlar asosida yuridik va jismoniy shaxslarning daromadi yoki mol-mulkidan undiriladigan hamda byudjetga oʻtkaziladigan majburiy toʻlov. Soliqlar davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai va davlat iqtisodiy siyosati vositalaridan biri. Shunday ekan soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashimiz barchamizning burchimizdir. Biroq, ayrim soliq toʻlovchilarning bu majburiyatni bajarmagani oqibatida ish majburiy harakatlarga borib yetmoqda. Aynan soliq qarzdorliklarni undirish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida prokuratura organlari va Majburiy ijro byurosi tomonidan tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Bosh prokuratura Ishchi guruhi tomonidan joylarda soliq qarzdorliklarni undirish borasida uchrashuv va muloqotlar, targʻibot tadbirlari amalga oshirilgani kutilgan samara bermoqda. Tahlillarga koʻra, Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari ish yurituvida soliq qarzdorlikni undirishga oid 235,4 mlrd. soʻmlik 25 700 dan ortiq hujjatlar mavjud. Koʻrilgan saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning oʻtgan davrida 7 790 ta hujjat ijrosi tamomlanib, amalda 84,3 mlrd. soʻm mablagʻ undirilgan.
Shuningdek, soliq qarzdorliklari boʻyicha undiruvlar bilan bogʻliq ijro hujjatlari boʻyicha jami 132 tasi boʻyicha 128,3 mlrd. soʻmlik mol-mulklar xatlangan. Hozirda 37 ta, 87,4 mlrd. soʻmlik mol-mulklar realizatsiya qilish uchun elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.
Masalan, Byuroning Yangi Namangan tuman boʻlimi ish yurituvida mavjud boʻlgan qarzdor “Bioservis” maʼsuliyati cheklangan jamiyatdan jami 1 mlrd 995 mln. soʻm soliqdan boʻlgan qarzdorlikni undirish belgilangan. Jamiyatga soliq qarzdorligini toʻlash yuzasidan bir necha marotaba ogohlantirishga qaramay, belgilangan ixtiyoriy muddatda toʻlanmagan. Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorlik evaziga jamiyatga qarashli bino-inshootlar xatlanib, 1,8 mlrd.soʻmga baholatilgan. Jamiyat tomonidan qarzdorlik esa toʻliq bartaraf etildi. Amalda ijro hujjati yakunlandi.
Bu kabi soliq qarzdorliklari bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasidagi harakatlar davom etmoqda.
Farrux Rahmatullayev,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
boshqarma prokurori
