SHIRIN ABDULLAYEVA
2025-02-16 18:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz san’ati yosh xonanda Shirin Abdullayeva timsolida katta yo‘qotishga duchor bo‘ldi.
O‘zbek qo‘shiqchilik hamda kino san’atidagi umidli va kelajagi porloq namanganlik yosh xonanda, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shirin Abdullayeva bevaqt vafot etdi.
2005-yil 14 dekabrda Namangan shahrida tug‘ilgan Shirin Abdullayeva Xitoy poytaxti Pekindagi Sinxua universiteti talabasi edi. Yangi O‘zbekiston faol va ilg‘or yoshlarining yorqin vakili sifatida ilm olish bilan bir qatorda xonandalik, model va aktrisalik yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelgan Shirin Abdullayeva 2023-yilda san’at sohasida erishgan yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Sh. Abdullayeva 2009-yilda “Onajonim” filmida ilk rolini ijro etgan. Keyinchalik bir necha filmlarga suratga tushgan. U “Tantana” ashula va raqs ansambli xonandasi sifatida davlatimizning tantanali bayram tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Yuksak iqtidor egasi, faol va tashabbuskor san’atkor Shirin Abdullayevaning vafoti munosabati bilan yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
Shirin Abdullayevaning chaqmoqdek qisqa umri davomida o‘zbek san’atida qoldirgan yorqin izi madaniy merosimiz xazinasida, xotirasi qalblarimizda umrbod saqlanib qoladi.
Sh. Abdurazzoqov, I.Najmiddinov, D. Yakubova.
