Kambag‘allikdan farovonlik sari
2025-01-01 12:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

YANGI YILGA KATTA REJA, ANIQ MAQSADLAR BILAN.
Mahallaning o‘sish nuqtasi to‘g‘ri tanlansa va qo‘llab-quvvatlansa, natija kutilganidek bo‘ladi. Bunga Namangan viloyatida 2024 yil davomida erishilgan yutuqlar yaqqol misol. Keling, mavzuni uzoqdan boshlamasdan, aniq raqamlarga eʼtibor qaratsak.
Viloyatdagi 788 ta mahallaning 621 tasi to‘liq drayver yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirildi. Shundan, 36 tasida hunarmandchilik, 69 tasida tikuvchilik, sanoat ishlab chiqarish, 112 tasida gulchilik, 46 tasida issiqxonachilik, 35 tasida dehqonchilik, 42 tasida bog‘dorchilik, 35 tasida uzumchilik va hokazo sohalar ommalashgan. Hatto, echkichilik, qo‘ychilik, baliqchilik keng tarqalgan mahallalar bor.
Xo‘sh, samara qanday, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Buning javobi ham aniq. Yana raqamlarga eʼtibor bering: 2021 yilda kambag‘al oilalar soni 104,5 mingni (15,7%) tashkil etgan bo‘lsa, har bir aholi bilan manzilli ish tashkil etilishi natijasida 32 mingdan ortiq oilalar (142 ming aholi) kambag‘allikdan chiqarildi.
Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Toshloq” mahallasining drayveri - qo‘ychilik. Buning ortidan mahallada yashovchilar bandligi taʼminlangan bo‘lib, durustgina daromadga ham ega bo‘lmoqdalar.
Hozir izlangan, harakat qilgan odam uchun katta imkoniyatlar bor, - deydi shu mahallada yashovchi Turdimat Mirzaqulov. -Yoshligimdan qo‘y boqishga qiziqqanim uchun oila qurgach, tirikchilik manbaiga aylantirdim. Hovlimdagi 3 sotix maydonda qo‘yxona qurdim. Hozir o‘rtacha 100 bosh qo‘y saqlayman. Shuning ortidan ro‘zg‘or but, oilam to‘kis. Hozir mahallamizning yarmidan ko‘pi shu ish bilan mashg‘ul. 10 dan ortiq shogird chiqardim.
Darhaqiqat, oxirgi 2 yilda “Toshloq”ning o‘zida qo‘ychilik bilan shug‘ullanadigan 51 nafar yirik tadbirkor paydo bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Bahrom Tojiahmedovning aytishicha, mavjud 511 ta xonadonning qay biriga kirsangiz, albatta, oldi 50-100 boshgacha, aksariyatida o‘rtacha 4-5 bosh qo‘y parvarishlanayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ularga kreditlar berish va tajribali tadbirkorlarga biriktirish orqali sohani ommalashtirdik. Shu bois, ishsiz odamning o‘zi yo‘q. Aholining yashash sharoitlari ham shunga yarasha yaxshilanib bormoqda.
Hokim yordamchisi odamlarning turmush sharoiti yaxshilanib borayotganiga isbot ham keltirdi. Eshitib, mahalladagi ahillik, uyushqoqlikka havas qildik: shu kuz faslida “Toshloq”ning 3,2 kilometr ichki yo‘llari to‘liq asfaltlanibdi. Eʼtiborlisi, bu ish davlat tomonidan emas, aynan mahalla ahlining o‘zaro birdamligi, shaxsiy mablag‘lari asosida amalga oshirilgan.
- Yo‘llarini tayyorlash va asfalt yotqizish bilan bog‘liq ishlar uchun homiylik asosidagi mablag‘ni shakllantirishga mahalla tadbirkorlari birinchilardan bo‘lib qo‘l cho‘zishdi, - deydi mehnat faxriysi G‘ulomjon Xudoyberganov. – Qo‘ychilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Abdumalik Abdurahimov, Abdumajid Qoraboyev, Haydarali Mirzaqulov, aka-uka Turdimamat va Neʼmatilla Nuriddinovlarning har biri 50-60 million so‘mdan tashlashdi, o‘ziga to‘q ko‘plab xonadonlar ular safiga qo‘shildi. Keksalar duoda, ikkita maktabimizga ravon yo‘ldan o‘qishga qatnayotgan farzandlarimizning quvonganini aytmaysizmi. Darvoqe, bizning harakatlarimizdan ilhom olib qo‘shni “Saroy” mahallasida ham yo‘llarni hashar usulida asfaltlashni boshlashdi.
Shuda, kambag‘allikdan farovonlik sari tamoyilining asosiy maqsadi: odamlar band bo‘lsa, yaxshi daromad topsa, shunga yarasha yashaydi va hududini ham obod qiladi. Xo‘sh, oldiga aniq bir maqsad qo‘yib, ish boshlashni niyat qilgan kishida mablag‘ bo‘lmasachi? Bunaqalar kammi?!
Yana raqamlar: Namangan viloyatida 2020-2024 yillarda tijorat banklari tomonidan 538,5 mingdan ortiq aholi va tadbirkorlik subyektlariga 30,1 trln so‘m. kredit mablag‘lari ajratildi. Bunda eng asosiy eʼtibor oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, drayver sohalarni ommalashtirishga qaratilgan. Yangi boshlanayotgan yilda esa bu kabi moliyaviy qo‘llab-quvvatlashlar hajmi yana-da oshadi.
- Bunda sharoit va imkoniyat eʼtiborga olinib, aholini qiziqtirish orqali tadbirkorlar safini kengaytirish maqsad qilingan, - deydi Markaziy bank Namangan viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Sulaymonov. – Masalan, Norin tumanidagi 116 ta meliorativ tik quduqdan 34 tasida baliq yetishtirish loyihalari boshlandi. Yangi yilda yana 82 tasida DXSH loyiha qilish rejalashtirilyapti. Bunda jami 3,8 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 450 ta yangi ish o‘rni yaratish va yiliga 2,9 ming tonna baliq yetishtirish nazarda tutilmoqda. Shu ishlarga bank tizimi bevosita bosh-qosh bo‘lmoqda.
Hozir ayni yil sarhisobi chiqarilib, yangi yilga aniq vazifalar belgilanayotgan palla. Namanganliklar ham o‘tgan davr mobaynidagi yutuq va kamchiliklarini tahlil qilib, oldilariga yana vazifalarni qo‘yib oldilar. Keling, shu o‘rinda ularning ayrimlari bilan tanishtirib o‘taylik.
Eng avvalo, Toshkent viloyatining Angren shahridan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanigacha bo‘lgan 100 kilometr masofada yo‘lbo‘yi infratuzilmasi tashkil qilish uchun “Master reja” ishlab chiqilmoqda. Uning 1-bosqichida umumiy qiymati 220 mln. AQSH dollari bo‘lgan 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, mahalliy byudjetga 550 mlrd. so‘mdan ortiq qo‘shimcha tushum bo‘ladi.
Yana bir katta yo‘nalish - “24/7 servis ko‘chalari” tashkil etishdir. Uychi, Namangan, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on va Yangiqo‘rg‘on tumanlariga olib boruvchi yo‘llar bo‘yida 285 mln. AQSH dollarilik investitsiya hisobiga 1,6 mingta xizmat va servis shoxobchalari tashkil qilib, 9 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin. Shundan kelib chiqib, Namangan shahri unga chegaradosh 5 ta tuman bilan bog‘lovchi yo‘llar bo‘yida “24/7 servis ko‘chalari”ni barpo qilishga kirishilmoqda.
Eng asosiysi, 2025-2026 yillarda qolgan 267 ta mahallalarning ham drayver yo‘nalishlari to‘liq ixtisoslashtiriladi. Buning uchun aniq rejalar tuzilib, loyihalar tayyorlanmoqda. Eʼtiborli jihati, bu loyihalarning aksariyati qayta va qayta qo‘rilyapti, “Yetti o‘lchab, bir kes”ilmoqda. Chunki, marra baland olingan. Ularni hayotga tadbiq etish uchun sharoit ham, shijoat ham yetarli.
Ilhomjon Rahmatov,
Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi,
Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi









