Madaniyat vazirligining 2023-yilgi faoliyati yakunlari hamda 2024-yilga mo‘ljallangan rejalar mavzusidagi matbuot anjumani PRESS-RELIZI
2024-03-10 19:15:00 / Press-relizlar

Toshkent shahar 2024-yil, 11-mart
11-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2024-yildagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlikning 2023-yil davomidagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka hisobot berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan 2023-yilda respublikamizda 12 ta xalqaro festival va konferensiya tashkil etilib, xorijiy davlatlarda 35 ta ijodiy gastrol safarlari amalga oshirilgan, respublika bo‘yicha o‘tkazilgan 17 202 ta konsert-tomosha tadbirlarida 9 mln 687 ming, teatrlarda uyushtirilgan 10 586 ta spektakl seanslari orqali 3 mln 203 ming nafar tomoshabin, “O‘zbeksirk” davlat muassasasidaning 604 ta sirk tomoshalari natijasida 42 ming nafar tomoshabin qamrab olingan.
2023-yilning o‘tgan davrida to‘liq jonli ijro asosida 110 ta konsert-tomosha tadbiri o‘tkazildi, mazkur ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ko‘proqdir. Shuningdek, respublikamizning 7 ta hududida, xususan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Madaniyat karvoni” tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilinib, taniqli san’atkorlar tomonidan aholiga konsert dasturi taqdim etib kelinmoqda.
Ortda qolgan yilda Navoiy, Namangan hamda Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrlari uchun yangi bino qurilgan bo‘lsa, 7 ta madaniyat markazi ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022-2024-yillarda tuman (shahar) madaniyat va turizm bo‘limlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan maxsus avtotransport vositasi (Damas) bilan ta’minlanishi belgilangan edi. Shu munosabat bilan joylardagi madaniyat bo‘limlariga 110 ta Damas rusumli, bundan tashqari, davlat teatrlariga 15 ta ISUZU rusumli yuk transport vositalari taqdim etildi. Shu bilan birga, yuqoridagi qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida madaniyat markazlari hamda bolalar musiqa va san’at maktablari uchun 6 mingdan ortiq milliy musiqa cholg‘u asbobi, 10 mingdan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanma va tavsiyanoma taqdim etildi.
Kinematografiya sohasida ham qator amaliy ishlar amalga oshirildi, jumladan, 149 ta kinomahsulot – shundan 21 ta badiiy film, 73 ta hujjatli film, 10 ta multfilm, 9 ta serial, 36 ta qisqa-metrajli filmlar yaratildi.
5 ta xorijiy davlat bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanib, 4 ta davlatda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” hamda O‘zbekistonda 4 ta xorijiy davlatning “Madaniyat kunlari” tashkil etildi.
Madaniyat va ma’rifat kanali tomonidan hozirgi kunga qadar, 9 ta opera va balet spektakllari (Sadoqat, Traviata, Faust, Shoh qallig‘i, Toska va Rekvium operalari hamda Oqqush ko‘li, Shahrezada Ming bir kecha baleti) “Oltin fondi”ga yozib olindi.Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tizimida jami 368 ta ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 325 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 30 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi, maktab-internatlari, 2 ta kollej va 1 ta texnikum, 5 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 4 ta filiali hamda 2 ta malaka oshirish markazlari mavjud. Mazkur ta’lim muassasalarida 110 ming 285 nafar o‘quvchi-talabalarga 20 ming 3 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Shuningdek, 837 ta madaniyat markazlarida faoliyat olib borayotgan to‘garaklar soni 5 250 taga yetkazilib, ularning qamrovi 52 ming nafarga oshirildi.
Madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalariga mamalakatimizdagi istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamidagi yoshlarni qamrab olishga e’tibor qaratilgan. Respublikadagi barcha viloyat va ularning tumanlarida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyat yuritadi. Bu esa eng chekka hududdagi iqtidor egalarining iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni o‘qitish, iste’dodlarini yanada rivojlantirishga ko‘mak bermoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, butun dunyoga madaniyatimizni tarannum etishda uni rivojlantirishda albatta hukumat darajasida qabul qilingan Farmon va qarorlarning o‘rni muhim. Prezidentimizning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 222-sonli hamda “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi 289-sonli qarorlari qabul qilinganidan keyin:
Marg‘ilon shahrida vazirlik tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etildi.
Andijon, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahrida 28 ta askiya to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun 5 ta asarga davlat buyurtmasi e’lon qilindi. Qolaversa, askiya va qiziqchilik san’ati sohasida taniqli 11 nafar ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish hamda iste’dodli so‘z ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish maqsadida 4 nomdagi kitob yaratildi, askiya va milliy qiziqchilik san’atimizni jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har yili ikki marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivalini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, sohani yanada rivojlantirish va transformatsiya qilish, madaniyat va san’at muassasalarini ilmiy-ijodiy salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida o‘nga yaqin normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.
Anjumanda vazirlik rahbariyati tomonidan 2024-yildagi rejalar ochiqlandi.
Matbuot anjumani yakunida mavzu yuzasidan OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 99 368-98-77 (Jamshid Niyozov)
