"Uzsungwoo" MChJ, "Avto Climate Control" MChJ va "Uz truck and Bus Motors" MChJlarni ochiq savdo jarayonlari boshlanganligi toʻgʻrisida eʼlon
2025-03-10 19:25:00 / Yangiliklar

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Uzsungwoo” MChJ ustav kapitalidagi 50 foiz, “Avto Climate Control” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz hamda “Uz truck and Bus Motors” MChJ ustav kapitalidagi 34,2 foiz davlat ulushlarini (keyingi oʻrinlarda – Aktivlar) ochiq savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.
“Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) ushbu Bitimlar boʻyicha sohaviy yondashuvga koʻra Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.
Aktivlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“UZSUNGWOO” MChJ — avtomobil sanoati uchun shtamplash va payvandlash texnologiyalari asosida metall qismlar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri boʻlib, 2011-yili “Oʻzavtosanoat” AJ va Janubiy Koreyaning Sungwoo Hitech Co Ltd. hamda I-Zone Co Ltd. kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish maydoni 60 500 kv.m boʻlib, 1000 dan ortiq xodim ishlaydi, yillik quvvati esa 120 ming toʻplamni tashkil etadi. 2022-yilda zavodda Markaziy Osiyo va MDH mintaqasida yagona boʻlgan issiq shtamplash texnologiyasi joriy etildi. Bugungi kunda kompaniya Chevrolet Cobalt, Gentra, Tracker va Onix modellari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi hamda xalqaro IATF 16949 sifat standartlariga muvofiq ishlab chiqarish jarayonlarini yoʻlga qoʻygan.
- Ustav fondi: 14 mln AQSh dollari;
- Jamiyatning rasmiy veb-sayti: www.uzsungwoo.uz
- Korxona manzili: Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, Aeroport ko‘chasi, 68-uy
“Avto Climate Control” MChJ - 2010-yilda “Oʻzavtosanoat” AJ va Janubiy Koreyaning ERAE CS LIMITED (Janubiy Koreya) kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, asosiy faoliyati avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqarishdan iborat.
- Ustav fondi: 12 592,9 mln soʻm;
- Jamiyatning rasmiy veb-sayti: www.uzcc.uz
- Korxona manzili: Andijon viloyati, Andijon shahri, Bobur shoh ko‘chasi, 73a-uy
“Uz truck and Bus Motors” MChJ — 2009-yilda tashkil etilgan boʻlib, Markaziy Osiyo mintaqasida MAN va HOWO (Sinotruk) brendlari ostida yuk mashinalari va yoʻlovchi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Yuk mashinalarining model qatori 60 dan ortiq turdagi transport vositalarini oʻz ichiga oladi, jumladan, tyagachlar, avtosamosvallar, furgonlar, maxsus texnika, yuk koʻtarish quvvati 5 tonnadan 70 tonnagacha boʻlgan yuk mashinalari, shuningdek, shahar va shaharlararo avtobuslar.
- Ustav fondi: 32,8 mln yevro;
- Jamiyatning rasmiy veb-sayti: www.uztbm.uz
- Korxona manzili: Samarqand viloyati, Jomboy tumani, Toshkent ko‘chasi, 2-uy
Sotish jarayonlari toʻgʻrisida:
Sotish jarayonlari barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.
Savdo jarayonlari har bir aktiv boʻyicha alohida-alohida ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Expression of Interest) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari, yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.
Sotish jarayonlarining mazkur bosqichi toʻgʻrisida:
Ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Expression of Interest) taqdim etishlari soʻraladi:
- Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (shu jumladan, STIR, faoliyat turi);
- Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/taʼsischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
- Oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha moliyaviy hisoboti.
Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini har bir Aktiv boʻyicha alohida xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2025-yil 15-aprel soat 23:59ga (Toshkent vaqti bilan) qadar munir.yakubov@piamg.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.
Ushbu savdo bosqichi doirasida, Konsultant tomonidan potensial investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:
- Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi;
- Xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shuʼba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.
Arizalarni qabul qilish jarayoni tugallangandan soʻng, Konsultant tomonidan ishtirokchilarga tegishli xat (Process Letter) orqali keyingi jarayonni tashkil etish toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.
“UZSUNGWOO” MChJ va “Avto Climate Control” MChJlarni sotib olishga qoʻyiladigan shartlar:
- Korxonalarning asosiy faoliyat turini aktivlar oldi-sotdi shartnomasi roʻyxatdan oʻtgandan soʻng 10 (oʻn) yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, ushbu muddat davomida mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi Bosh Alyans kelishuvida oʻrnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qatʼiy rioya qilish.
- Shuningdek, 2 yil mobaynida Korxonada mavjud ish oʻrinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik.
Oʻz navbatida, barcha Aktivlar boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishlaridan oldin bitim shartlari (Term sheet) toʻgʻrisidagi Kelishuv imzolanishi mumkin.
Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:
- Munir Yakubov, “Portfolio Investments” kompaniyasi direktori: munir.yakubov@piamg.uz, tel. +998(90) 901-65-59;
- Talat Samandarov, Davaktiv agentligi Boshqarma boshligʻi: tender@davaktiv.uz, tel. +998(71) 259-20-67.
Keyingi, Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi hamda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivlar faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot va tahliliy maʼlumotlar (Due-diligence) bilan tanishish uchun virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish, Aktivlarga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyati yaratiladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
Diskleymer
Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi, “Portfolio Investments” va Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday holatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;
(ii) turli xil manfaatdor shaxslar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Bitimga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi