TAKRORIY EKIN HAM YERGA, HAM EL-YURTGA FOYDA
2025-06-24 11:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Toshkent viloyatida ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar maydonlarga takroriy ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.
Bu yil mirishkor dehqonlar tomonidan mavjud 103 ming gektar yer maydonida yetishtirilgan g‘allani nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekish ishlarini o‘z muddatlarida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berib kelinmoqda.
Aholini arzon, sifatli, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekilyapti. Viloyatning 15 ta tumanidagi fermer xo‘jaliklarining ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar yer maydonlariga takroriy ekin ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha jami 10 ming 249 gektar, shundan 156 gektar yer maydonida sabzavot, 5 ming 91 gektar dukkakli ekinlar, 131 gektar poliz, 612 gektar sholi, hamda 4 ming 259 gektar yerda ozuqa ekinlari ekilishi ta’minlandi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekilishi yuzasidan “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan joylarda profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Sherzod Usubaliyev
O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini
nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i

