Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali o‘tkazildi
2025-04-02 15:20:00 / Yangiliklar

Buxoroning turizm salohiyatini dunyo miqyosida keng namoyish etish, shuningdek, tarixiy qadriyatlarimiz targ‘ibotini yanada oshirishni o‘zida maqsad qilgan mazkur festivalga nafaqat mahalliy, balki chet ellik mehmonlarning tashrifi hamda qiziqishlari ortib bormoqda.
Shunga mos ravishda festival dasturi rang-barang loyihalar bilan boyitildi. Joriy yilgi festival Nasriddin Afandi boshchiligidagi ishtirokchilarning Gavkushon madrasasidan boshlab, Nodir Devonbegi markazigacha milliy karvon yurishi bilan boshlandi. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan qo‘shiqlar, milliy qahramonlarning qiyofasi aks etgan katta-kichik qo‘g‘irchoqlar aholi, festival mehmonlari, ayniqsa, xorijiy sayyohlarning hayratini oshirdi.
Nodir Devonbegi madrasasi oldida festivalning ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari B.Shahriyorov so‘zga chiqib, festivalning ahamiyati, uni tashkil etish tarixi haqida to‘xtaldi. Yig‘ilganlarni hazil-mutoyiba kuni bilan qutladi.
Shuningdek, mazkur festival doirasida turli madaniy konsert dasturlari bilan bir qatorda sharq taomlari, xususan, o‘zbek xalqining milliy taomi bo‘lmish - osh tayyorlanib, tashrif buyurganlarga xush kayfiyat ulashildi.
Festival doirasida “Gavkushon” majmuasida viloyatning eng sara oshpaz, hunarmand va san’atkorlarini e’tirof etish maqsadida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi va 22 ta nominatsiya bo‘yicha 35 ta ishtirokchi munosib taqdirlandi.









