🌍MDH mamlakatlarining volontyorlar forumi
2024-05-04 17:00:00 / Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yili davomida xalqaro hamjamiyat bilan samarali kelishuv va ko‘p qirrali hamkorlikka intilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan. 2023-yil 31-oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashida 2024-yil “MDH davlatlarida Volontyorlar harakati yili” deb e’lon qilindi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli joriy yilning 3-4 may kunlari MDH davlatlari volontyorlarining 2024-yilda birinchi “Biz birgamiz” forumi MDH davlatlari yoshlar poytaxti Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. Forumda Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan 60 nafar delegatsiya a’zolari ishtirok etdi. Mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad barqaror rivojlanish uchun ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va Hamdo‘stlik mamlakatlarida volontyorlar harakatini faollashtirishdan iborat.
Ushbu forum sharqona urf-odat va an’analar ruhida tashkil etilgan bo‘lib, unda delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi volontyorlar harakatining ilg‘or tajribalari bilan tanishadilar. Shuningdek “Favqulodda yordam volontyorlari”, “Ko‘ngilli shifokorlar”, “Ommaviy tadbirlarda volontyorlar bilan ishlashning nozik jihatlari” va volontyorlik dunyosidagi boshqa dolzarb yo‘nalishlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Forumning ikkinchi kun doirasida respublikamizdagi 500 dan ortiq nogironligi bo‘lgan insonlar, boquvchisini yo‘qotgan bolajonlar va volontyorlar uchun “Mo‘jizalar davri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek kuning ikkinchi yarmida xorijiy delegatsiya a’zolari poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat qilib, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga ham tashrif buyurishdi.
Forum tashkilotchilari – Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston volontyorlar assosiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy yordam milliy agentligi ko‘magida, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi, Madaniy meros vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo‘yicha Davlatlararo jamg‘armasi va ijtimoiy muammolarga befarq bo‘lmagan xususiy tadbirkorlik tuzilmalari.
Forumning maqsadlari:
● ishtirokchi davlatlar o‘rtasida norasmiy tajriba almashish uchun shart-sharoitlar yaratish;
● o‘z mamlakatlaridagi muvaffaqiyatli tajribalarni muhokama qilish va kengaytirish;
● forumning ish yo‘nalishlari orqali volontyorlarning kommunikativ, intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
● MDH mamlakatlarida volontyorlar harakatini rivojlantirishga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish.
● o‘zaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish va MDH davlatlarining fuqarolik salohiyatini mustahkamlash.









