Yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq qator huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi
2025-04-11 10:45:00 / Yangiliklar

Joriy yil 20 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat, Jinoyat-prosessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi O‘RQ-1033-son qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun Uzun tuman IIB YHXG ma’muriy amaliyotda keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinib, ularga qonunning mazmun mohiyati tushuntirildi.
Qonunda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar o‘rin olgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi, yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini ta’minlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining raisi O.Jumanov
