BBC News efirida “O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi” xalqaro reklama kampaniyasi boshlandi
2025-10-21 15:10:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekistonning alohida shaharlarining jozibadorligi va o‘ziga xosligini namoyish etib, ularning madaniy merosi hamda zamonaviy yutuqlarini yoritib beradi.
Loyiha O‘zbekistonning milliy sayyohlik brendini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mamlakatimizning jozibador qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi” loyihasining birinchi bosqichi doirasida BBC News xalqaro telekanali efirida yurtimizning uchta durdonasi - Samarqand, Buxoro va Xiva namoyish etildi.
Videoroliklar O‘zbekistonning go‘zalligi va muhitini dunyoga ochiq, tarixdan ilhom olgan hamda yangi kashfiyotlarga intilayotgan zamonaviy sayyoh nigohi orqali tasvirlaydi.
Loyiha O‘zbekiston viloyatlarining xalqaro nufuzini mustahkamlashda va mamlakatni Markaziy Osiyoning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida barqaror qiziqish uyg‘otishda muhim qadam bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston shaharlarida quyosh chiqishi” xalqaro reklama kampaniyasi milliy turizm brendini xalqaro miqyosda ilgari surish doirasida amalga oshirilmoqda. Uning asosini har bir hududning o‘ziga xos qiyofasini yaratish va uning investitsiyaviy hamda sayyohlik jozibadorligini oshirishga qaratilgan mintaqaviy brending strategiyasi tashkil etadi.
