Ispaniya OAV vakillari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishmoqda
2025-10-16 13:45:00 / Yangiliklar

Ushbu press-turda Ispaniyaning nufuzli ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat jurnalistlar guruhi ishtirok etmoqda. Ular orasida VIAJAR jurnali (veb-sayti 1,9 million doimiy foydalanuvchiga ega), ABC gazetasi (17,8 million doimiy foydalanuvchi), EL ESPAÑOL nashri (ijtimoiy tarmoqlarda 27,76 million obunachiga ega) va LA RAZÓN gazetasi (veb-sayti 8 million doimiy foydalanuvchiga ega) vakillari bor.
Tashrif doirasida jurnalistlarning Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlariga safarlari rejalashtirilgan. Mehmonlar Toshkentda zamonaviy shahar hayoti bilan tanishib, Samarqand va Buxoroda qadimiy me’moriy yodgorliklarni ziyorat etadilar hamda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishadilar.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning turizm salohiyatini nafaqat Ispaniya Qirolligida, balki butun Yevropa bozorida kengroq tanitish, shuningdek, mamlakatimizning tarixiy, madaniy va gastronomik turizmini targ‘ib etish orqali Ispaniyadan keladigan sayyohlar sonini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.



