Yevropada davlatlarida O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma road-show tadbirlari o‘tkazilmoqda
2025-10-15 17:55:00 / Yangiliklar

Tashabbusning ilk tadbiri — road-shouning tantanali ochilish marosimi joriy yilning 13-oktyabr kuni Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Germaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari O‘zbekiston va Ozarbayjonning turizm salohiyati bilan tanishdi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — ikki mamlakatning turizm resurslarini birlashtirgan holda ularni Markaziy Yevropa bozori uchun jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib etishdan iborat. Loyiha doirasida Xiva, Buxoro, Samarqand, Boku, Shamaxa va Sheki kabi Ipak yo‘lining tarixiy markazlariga e’tibor qaratilib, ularni yagona madaniy-tarixiy yo‘nalish sifatida namoyish etish rejalashtirilgan.
Delegatsiya tarkibi Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” DM, shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ hamda O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari vakillaridan iborat.
Tadbir yakunida ikki mamlakatning boy madaniyati va urf-odatlarini aks ettiruvchi milliy folklor dasturi namoyish etildi. Milliy raqslar va an’anaviy kuy-qo‘shiqlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
“Highlights of the Silk Road” loyihasi Markaziy Yevropa shaharlarining boshqalarida ham namoyish etiladi.



