O‘zbekona raqs va kuy-qo‘shiqlar Varshavaning tarixiy maydonida yangradi
2025-10-15 11:00:00 / Yangiliklar

Tarixiy maskanga tashrif buyurgan mahalliy aholi va Varshava mehmonlari o‘zbekona jo‘shqin raqs va kuy-qo‘shiqlar ijrosiga guvoh bo‘ldilar. Ushbu chiqishlar darhol tomoshabinlar e’tiborini tortib, bayramona kayfiyat yaratdi.
Tadbir Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning Polshadagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ommalashtirish hamda uning boy madaniy merosiga e’tiborni jalb etish maqsadida o‘tkazildi.
Raqs va musiqa orqali mehmonlar O‘zbekiston ruhini his etish va milliy an’analar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu, ayniqsa, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va Yevropa davlatlaridan sayyohlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu rang-barang taqdimot O‘zbekistonni dunyo sayyohlik xaritasidagi istiqbolli yo‘nalish sifatida keng ko‘lamli tanishtirish doirasida amalga oshirildi.






