Yevropada O‘zbekiston turizm imkoniyatlari keng targ‘ib qilinmoqda
2025-10-10 12:35:00 / Yangiliklar

Forumda turizm sohasi mutaxassislari, sayyohlik agentliklari, mehmonxona biznesi vakillari, blogerlar, jurnalistlar hamda rasmiy doiralar ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi keng qamrovli taqdimotlar namoyish etildi. Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, yangi sayyohlik maskanlarining yaratilishi, zamonaviy infratuzilmalar, ekologik, ziyorat hamda gastronomik turizm yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar batafsil yoritib berildi.
Ayniqsa, forum ishtirokchilarining e’tiborini O‘zbekistonning tarixiy shaharlari — Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzdagi noyob me’moriy obidalar, UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy maskanlar, milliy hunarmandchilik markazlari va boshqa tarixiy-madaniy boyliklar tortdi.
O‘zbekiston va Yevropa turizm sohasi vakillari forum doirasida o‘tkazilgan “B2B” va “G2B” uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Natijada hamkorlik shartnomalarini imzolash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi va sayyohlar almashinuvini oshirish rejalashtirildi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning boy madaniyati va urf-odatlarini aks ettiruvchi milliy folklor dasturi namoyish etildi. O‘zbek raqslari, an’anaviy kuy-qo‘shiqlar va turli hududlarga xos madaniy ko‘rinishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari, o‘zbek oshxonasi taomlaridan iborat milliy ziyofat mehmonlarga taqdim etildi.
Ushbu forum O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasida turizm sohasidagi sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. Tadbirlar O‘zbekiston va Yevropa xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga, o‘zaro madaniy yaqinlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.









