Bokuda II O‘zbekiston–Ozarbayjon media forumi bo‘lib o‘tdi
2025-09-30 14:45:00 / Yangiliklar

Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan forum Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida imzolangan “yo‘l xaritasi” doirasida o‘tkazilmoqda.
Forum O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida media sohasidagi hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan videorolik namoyishi bilan boshlandi.
Ozarbayjon Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish agentligi ijrochi direktori Ahmad Ismayilov so‘zga chiqib, Prezident Ilhom Aliyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shu jarayonda media sohasidagi hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti bo‘lim mudiri Dilshod Sayidjonov ham o‘z nutqida, media sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish – axborot almashinuvini faollashtirish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va mintaqaviy axborot xavfsizligini ta’minlashda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.
Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov raqamli OAV rivoji yangi yondashuvlarni talab etishini, bu jarayonda xalqaro hamkorlikning o‘ta muhim ekanini qayd etdi.
Forum davomida “Raqamli asrda media hamkorligi: axborot xavfsizligi yo‘lida qo‘shma tashabbuslar” va “Raqamli axborot muhitida axloqiy mas’uliyat” mavzularida panel sessiyalar bo‘lib o‘tmoqda.




