Press-tur ishtirokchilari Qalajiq qal’asi va ekoturizm majmuasi bilan tanishdilar
2025-09-22 08:55:00 / Yangiliklar

Press-tur davomida ishtirokchilar Xorazmning noyob madaniy merosi va tarixiy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, Bog‘ot tumanida joylashgan qadimiy Qal’ajiq majmuasi ularning e’tiborini tortdi.
Qal’ajiq (Dovud qal’asi) miloddan avvalgi IV asrga oid bo‘lib, u arxeologik tadqiqotlar asosida o‘z tarixiy ahamiyatini isbotlagan. Qoraqum cho‘lining qum barxanlari orasida joylashgan qal’a o‘zining noyob arxitektura tuzilishi, ikki qatorli mudofaa devorlari va ulkan o‘lchamlari bilan qadimiy davr mudofaa inshootlari namunasi sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu hudud atrofidagi voha tabiiy resurslar, ekologik tozalik va davolovchi xususiyatlarga ega ko‘li bilan ajralib turadi.
Hududda “Qalajiqqal’a OAZIS ekoturizm” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan ekoturizm maskani ayni damda turizm sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. 2019 yilda faoliyatini boshlagan bu dam olish maskanida ko‘l, hayvonot bog‘i, mehmonxonalar, restoranlar, milliy hunarmandchilik rastalari, yozgi dam olish zonalari va boshqa ko‘plab infratuzilma obyektlari mavjud.
Shuningdek, sog‘lomlashtirish va dam olish imkoniyatlari bilan mashhur bo‘lgan bu hudud, nafaqat mahalliy sayyohlar, balki xorijdan keluvchi mehmonlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Sho‘r ko‘lning shifobaxsh xususiyatlari, cho‘kmasligi bilan mashhur suv tuzilishi, hamda muolajaviy qum hammomlari bu maskanni O‘lik dengizga o‘xshatishga asos bo‘lmoqda. Shifokorlar nazorati ostida olib boriladigan davolash jarayonlari tufayli bu yer salomatlikni tiklashni istaganlar uchun eng yaxshi tanlovlardan biri hisoblanadi. Shu tarzda, Qalajiq ekoturizm majmuasi Xorazm turizmining yuksalishida muhim rol o‘ynamoqda.






