Turizmni rivojlantirishda barqaror yondashuv muhim ahamiyat kasb etmoqda
2025-09-11 17:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston so‘nggi yillarda turizm sohasida faol islohotlarni amalga oshirib, xalqaro maydonda o‘zining turistik salohiyatini keng namoyon etmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda yirik xalqaro tadbirlar – xususan, Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi O‘zbekistonning global turizm makonidagi o‘rnini mustahkamlab berdi. Bu tadbirlar nafaqat mamlakat imidjini oshirishda, balki turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
2025-yilda esa yana bir qator nufuzli xalqaro anjumanlar – jumladan, CITES (Yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosiga oid konventsiya) hamda UNESCO konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar O‘zbekistonning ekologik barqarorlik, madaniy merosni muhofaza qilish va global muloqot maydoni sifatidagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, turizmning yangi tarmoqlari – xususan, ekoturizm, madaniy, tarixiy, gastronomik va sog‘lomlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonning betakror tabiati, boy tarixi va madaniy merosi xorijiy sayyohlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, hududiy turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy aholining farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Turizmni rivojlantirishda joylardagi mavjud sharoitlarni inobatga olish, zamonaviy infratuzilmani yaratish, shuningdek, mehmondo‘stlik sohasida malakali kadrlarni tayyorlash ham muhim o‘rin tutadi. Aynan shu omillar 2025-yilda belgilangan “Turizm va barqaror transformatsiya” shioriga to‘liq mos tushadi.
Ma'lumot uchun, Butunjahon turizm kuni ("World Tourism Day") har yili 27-sentabrda nishonlanadi. Ushbu kun 1979-yilda Ispaniyaning Torremolinos shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO, hozirgi "UN Tourism") Bosh assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan. Maqsad turizmni targʻib qilish, uning jahon iqtisodiyotiga qoʻshgan hissasini yoritish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdir.
