Euronews tomoshabinlarni Farg‘ona vodiysining boyliklarini kashf etishga taklif etmoqda
2025-09-10 17:35:00 / Yangiliklar
Xalqaro ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning noyob hududlarini tomoshabinlarga taqdim etishni davom ettirmoqda. “Euronews” telekanalining “Ipak yo‘li sarguzashtlari” ko‘rsatuvining navbatdagi qismida tarix, madaniyat va tabiat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan Farg‘ona vodiysiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomoshabinlarga Qo‘qonning hashamatli saroylari va masjidlari, an’anaviy ipak to‘qish markazi bo‘lgan Marg‘ilon, shuningdek, ustalar bugungi kungacha mashhur pichoqlar yasaydigan Chust ko‘rsatildi. Mahsuloti ham mahalliy dasturxonlarda, ham xalqaro bozorlarda qadrlanadigan uzumzorlarga alohida e’tibor berildi.
Syujetda Farg‘ona vodiysida hunarmandchilik va savdo-sotiq kundalik hayot bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. Choyxonalar muhiti mahalliy an’analar ruhini yorqin aks ettiradi, vodiyning o‘zi esa O‘zbekistonning eng boy madaniy makonlaridan biri sifatida namoyon bo‘lib, o‘ziga xosligi va mehmondo‘stligi bilan sayohatchilarni o‘ziga jalb etadi.
