Yoshlarning ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli gʻoyalari qo‘llab-quvvatlanadi
2025-08-11 10:50:00 / Yangiliklar

Qurultoy Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 16-son Farmoni va “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 232-son qarori asosida tashkil etilmoqda. Maqsad — yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli gʻoyalari hamda loyihalarini amalga oshirishdir.
Qurultoyda Qashqadaryo bilan birodarlashgan viloyatlar va shaharlar delegatsiyalari, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiz, Qozogʻiston, Belarus Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar ham ishtirok etadi. Shuningdek, yurtimizning har bir hududidan 54 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi boʻlgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻquvchi, talaba va yoshlar hamda “Yosh ekologlar” harakati va Yosh turizm elchilari Kengashlari a’zolari ham jalb qilinadi.
Qurultoy doirasida mutaxassislar ishtirokida o‘quv seminarlar, xalqaro konferensiyalari, ko‘rgazmalar, intellektual o‘yinlar, tanlovlar, yulduzlar bilan uchrashuv, plogging, sport va kibersport musobaqalari, “Yosh ekologlar” harakati hamda Yosh turizm elchilari Kengashi aʼzoligiga saylovlar, Shahrisabzdagi Oqsaroy meʼmoriy yodgorligi hamda Miraki turistik markazidagi dor yo‘lida sayohatlar hamda boshqa tantanali marosimlar bo‘lib o‘tadi.
Yakunda qurultoyda faol ishtirok etganlar diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Shu bilan birga, qurultoy ishtirokchilarining har biriga Ekologiya vazirligining maxsus sertifikati topshiriladi.
