Jennifer Lopes konserti: kreativ iqtisodiyot va madaniy turizmni rivojlantirishning yangi bosqichi
2025-08-09 18:30:00 / Yangiliklar

"Up All Night — LIVE IN 2025" jahon gastrol safari doirasidagi chiqish Osiyodagi eng yirik konsert sifatida tarixga kirdi. O‘sha oqshomda Toshkent nafaqat poytaxt, balki butun mintaqaning madaniy yuragiga aylandi. Tadbir xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otdi:
• Chiptalarning 67 foizini chet el fuqarolari xarid qilgan. Ular orasida Rossiyadan 8945 nafar, Qozog‘istondan 2495 nafar mehmon, shuningdek, AQSH va Yevropa mamlakatlaridan kelgan sayyohlar bor edi.
• O‘zbekistonga jami 15 330 nafar sayyoh tashrif buyurdi. • Konsertni tashkil etishda yuzdan ortiq mahalliy pudratchi kompaniyalar ishtirok etdi.
• Konsert poytaxt iqtisodiyotiga sezilarli daromad keltirdi, yozgi sayyohlik mavsumi past bo‘lgan paytda mehmonxona va restoran biznesi uchun kuchli rag‘bat bo‘ldi.
Mehmonxonalarning bandlik ko‘rsatkichlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xususan, joriy yilning 5-8 avgust kunlari Toshkent shahridagi mehmonxonalarda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,7 foiz ko‘proq sayyohlar tunab qoldi.
Bunday loyihalar ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi, turizmni rag‘batlantiradi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va xizmat ko‘rsatish sohalarida bandlikni oshiradi, shuningdek, mamlakatning ijobiy xalqaro qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Jennifer Lopez jamoasi tarkibida 90 dan ortiq kishi Toshkentga tashrif buyurdi.
Konsert tayyorgarligi va o‘tkazilishi davrida stadion va uning atrofi dronlar yordamida havodan nazorat qilindi. Xususan:
• Yo‘l-patrul xizmati eng zamonaviy avtomobillar bilan ta’minlandi, 8 ta tez tibbiy yordam brigadasi to‘liq shaylikda turdi. Stadionga kirish joylarida yuz tanish (Face ID) funksiyali kameralar va maxsus detektorlar o‘rnatildi. Tizimlar Toshkent shahri Vaziyatni tahlil qilish markazi (IIV) bilan birlashtirildi. Tartibni saqlashda 3686 nafar huquq-tartibot xodimi va 300 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi.
• Obodonlashtirish ishlariga 500 kishi jalb etildi: 200 nafari stadion ichida va 300 nafari atrofdagi hududda. Konsertdan so‘ng maydon butunlay tozalandi.
• Sanitariya xizmatlari nazorati ostida 18 ta oziq-ovqat maydoni ishladi.
• Tomoshabinlar qulayligi uchun maxsus avtobuslar tashkil etildi. Stadionga kirish tartibi, xizmat ko‘rsatish zonalarining joylashuvi, maxsus avtobus yo‘nalishlari va boshqa qulayliklar haqida aholi internet va ommaviy axborot vositalari orqali oldindan xabardor qilindi.
Jennifer Lopesning konserti O‘zbekistonning jahon miqyosidagi tadbirlarni zamonaviy texnik standartlar va tomoshabinlar qulayligi talablariga to‘la muvofiq tarzda o‘tkazishga tayyorligini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining bu kabi tashabbuslari madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, ijodiy iqtisodiyot va sayyohlikni rivojlantiradi, hamda yurtimizni Markaziy Osiyoning zamonaviy, ochiq va ijodkor markaziga aylantiradi.




