Turizm sohasidagi yaqin aloqalar O‘zbekiston va Ozarbayjonni umumiy meros asosida birlashtirmoqda
2025-07-02 20:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Ozarbayjonni birlashtirib turuvchi muhim jihatlardan biri — bu ularning tarixiy va madaniy umumiyligi hisoblanadi. Ikki xalq ham turkiy ildizlarga ega bo‘lib, asrlar davomida o‘zaro madaniy va savdo aloqalarini yuritib kelgan. Ipak yo‘li davrida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlardan Boku, Gyanja va Sheki kabi Ozarbayjon shaharlariga tijorat va ziyorat safarlari uyushtirilgan. Musulmon tamadduni, me’morchilik, adabiyot va xalq san’atidagi o‘xshashliklar bugungi turizm aloqalarini yanada chuqurlashtirishga asos bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi ulug‘ zotlar merosi saqlangan bo‘lsa, Ozarbayjonda Nizomiy Ganjaviy, Xurshidbanu Natavon, Mahsuti Shirvon kabi allomalar merosi jahon sivilizatsiyasining muhim qismidir. Mazkur umumiy meros bugungi kunda turizm yo‘li bilan yanada keng ommaga tanitilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon turizm sohasida keng qamrovli hamkorlikni amalga oshirmoqda. 2022–2024 yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasida turizm va madaniy almashinuv bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi. Ikki davlat turizm ma’muriyatlari o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumlari, hamkorlik dasturlari va ikki tomonlama forumi hamda “road show”lari doirasida ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi.
Ayniqsa, 2023 yildan boshlab Toshkent va Boku shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning ko‘paytirilishi turizm oqimini sezilarli darajada oshirdi. Har ikki mamlakatdagi turoperatorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, o‘zaro sayyohlik marshrutlari yaratildi. Ayniqsa, ziyorat turizmi, etnoturizm va gastronomik turlar sohalarida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Madaniyat va san’at sohalarida ham O‘zbekiston va Ozarbayjon turizmni rivojlantirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, ikki mamlakatda o‘zaro "O‘zbekiston haftaligi" va "Ozarbayjon madaniyati kunlari" kabi tadbirlar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Bu tadbirlar doirasida milliy qo‘shiq va raqs san’ati, hunarmandchilik namoyishlari, gastrofestivallar va film festivallari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakatning tarixiy shaharlari o‘rtasida "do‘stlik shaharlari" munosabatlari yo‘lga qo‘yildi. Masalan, Samarqand va Gyanja shaharlari o‘rtasida sayyohlar almashinuvini rag‘batlantiruvchi turlar ishlab chiqilgan. Bunday tashabbuslar fuqarolarning bir-biri madaniyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirib, xalqlar o‘rtasida samimiy muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro turizm tashkilotlarida ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) doirasidagi tadbirlarda ikki mamlakat delegatsiyalari hamjihatlikda ishtirok etib, mintaqaviy va global turizm tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda.
Kelgusida qo‘shma loyihalar doirasida birgalikdagi sayyohlik paketlarini yaratish va elektron turizm platformalarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro kino va hujjatli filmlar orqali turizmni ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Yevropa bozorida turizm brendlar targ‘ibotini kuchaytirish, qo‘shma turizm marshrutlarini targ‘ib qilish maqsadida 2025 yil 4 aprel kuni Samarqand shahrida Ozarbayjon Turizm agentligi va "Milliy PR-markazi" o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatning asosiy maqsadi Yevropa bozorida Ozarbayjon va O‘zbekiston turizm brendini birgalikda targ‘ib qilish, hamkorlikda yirik Yevropa shaharlarida “road shou”lar va B2B formatida uchrashuvlar tashkil qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi turizm sohasidagi yaqin aloqalar nafaqat iqtisodiy va sayyohlik manfaatlarga, balki umumiy tarix, madaniyat va ruhiy qadriyatlarga tayanadi. Ikki xalqning o‘zaro o‘xshashligi, mehmondo‘stligi va tarixiy merosi bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Turizm orqali O‘zbekiston va Ozarbayjon nafaqat bir-birini qaytadan kashf etmoqda, balki umumiy kelajak sari qadam tashlamoqda.
