Turizm qo‘mitasi raisi buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
2025-06-28 17:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tadbirkorlik subyektlariga soliq sohasidagi oxirgi o‘zgarishlar, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat choralari, turizm yo‘nalishida joriy etilayotgan yangiliklar va yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Suhbat doirasida tadbirkorlar, hunarmandlar hamda turizmga aloqador tashkilotlar vakillari o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar va takliflarini bildirdilar. Jumladan, soliq stavkalari va turistik yig‘imlarni kamaytirish, Buxoroning issiq iqlim sharoitida tarixiy shahar qiyofasiga putur yetkazmagan holda sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, eski shaharda gidlar uchun maxsus joy ajratish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Turizm qo‘mitasi rahbariyati tadbirkorlarning muammolarini tinglab, ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’kidladi. Ayrim masalalar yuzasidan joyida yechim taklif qilindi, qolgan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar mahalliy tadbirkorlarning sohaga oid muammolariga amaliy yechim topish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.







