O‘zbekiston Yaponiyada o‘tgan xalqaro turistik filmlar festivalida mukofotlarga sazovor bo‘ldi
2025-03-21 21:20:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston ilk marotaba CIFFT Circuit 2025 xalqaro turistik filmlar festivalida ishtirok etib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Festivalning birinchi bosqichi Yaponiyaning Maniva shahrida o‘tkazildi.

CIFFT Circuit festivali — bu turistik kinematografiya sohasidagi eng yaxshi videoishlarni baholashga qaratilgan jahon miqyosidagi tanlov.
O‘zbekiston festivalda Buyuk Britaniyaning Dars Films studiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan bir qator ishlarni taqdim etdi. Farg‘ona viloyati haqidagi taqdimot roligi eng yaxshi yo‘nalishni tasvirlash uchun maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. “O‘zbekistonda kuz” filmi “Mamlakatni targ‘ib qilish” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egalladi, “UNWTO Samarqandda” videosi esa “Osiyo” nominatsiyasida ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Festivalga umumiy hisobda 1132 ariza taqdim etilgan. CIFFT Circuit 2025 festivallari noyabr oyigacha davom etadi.
