Buxoro shahrida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasi o‘tkazildi
2025-03-06 13:45:00 / Yangiliklar

Yarmarkadan ko‘zlangan asosiy maqsad, mavjud turizm obyektlariga aholini keng jalb qilish, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari va turistik maskanlarni qo‘llab-quvvatlash, turoperator va turagentlarni iste’molchilarga tanitishdir.
Tadbir doirasida hunarmandchilik va milliy suvenirlar mahsulotlari yarmarkasi, ichki turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar hamda korxona, tashkilotlar hamkorligida “tadbirkor va tadbirkor” hamda “tadbirkor va mijoz” mexanizmlari asosida uchrashuvlar, ichki turizm sohasida yangi hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, qolaversa, tajriba almashish amaliyoti diqqat markazida bo‘ldi.
Yarmarkada turizm sohasida faoliyat yurituvchi 100 ga yaqin tadbirkorlik subyekti, 50 dan ortiq korxona va tashkilot o‘z turistik dasturlari va tijorat takliflari bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida Buxoroning turizm salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, ishtirokchilarga bu haqda ma’lumot beruvchi targ‘ibot vositalari tarqatildi.





