O‘zbekistonning qishki turizm imkoniyatlari Pokiston matbuoti nigohida
2026-01-05 17:30:00 / Yangiliklar

Muallifning qayd etishicha, ko‘plab sayyohlar sovuq faslni tog‘li hududlarda o‘tkazishni, tabiiy go‘zallik va osoyishta muhitdan bahramand bo‘lishni ma’qul ko‘radilar. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston qish mavsumida ham madaniy yaqinlik va hayratlanarli tabiiy manzaralarning noyob uyg‘unligini taqdim eta oladigan mamlakat sifatidagi o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda. Markaziy Osiyoning qadimiy karvon yo‘llari kesishgan joyda joylashgan bu davlat g‘ayrioddiy sayohatlarni sevuvchilar orasida tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda.
Maqolada mamlakatdagi eng yirik tog‘-chang‘i majmuasi — Amirsoy kurortiga alohida e’tibor qaratilgan. U Tyanshan tog‘ tizmasining g‘arbiy qismida, Chatqol tizmasi etagida joylashgan bo‘lib, mazkur hudud YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qulay joylashuvi — poytaxtdan atigi bir soatlik masofa — kurortni mehmonlar uchun oson yetib boriladigan maskanga aylantiradi. Ulug‘vor tog‘ manzaralari, musaffo havo va qorli yonbag‘irlar qish mavsumida sayyohlarni ayniqsa o‘ziga jalb etadigan muhitni yaratadi.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, Amirsoy hududida zamonaviy dor yo‘llari faoliyat yuritib, dam oluvchilarni 2200 metrdan ortiq balandlikka olib chiqadi. Bolali oilalar uchun maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydigan alohida chang‘i yo‘laklari mavjud bo‘lib, bu qishki hordiqni xavfsiz va qulay tarzda o‘tkazish imkonini beradi.
Nashrning alohida bo‘limi O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga bag‘ishlangan. Bu yerda qadimiy tarix unsurlari zamonaviy megapolis hayoti bilan uyg‘unlashgan. Shahar keng ko‘chalari va ko‘plab yashil hududlari bilan ajralib turadi, ular sovuq mavsumda ham o‘z jozibasini yo‘qotmaydi. Muallif Toshkentni mamlakatning eng muhim sayyohlik markazlaridan biri sifatida ta’riflaydi.
Shuningdek, aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan mamlakatda sayyohlar uchun halol taom topish qiyinchilik tug‘dirmasligi ta’kidlanadi. Eng mashhur taomlar orasida mehmonlar ko‘pincha guruch, go‘sht, sabzavot va yog‘dan tayyorlanadigan palovni tanlaydilar. Sovuqda o‘tkazilgan sermazmun kundan so‘ng gastronomik taassurotlarni somsa, mastava va sho‘rva kabi an’anaviy taomlar yanada boyitadi, — deya xulosa qiladi Dawn nashri.
