Shirin etnoturizm qishlog‘ida OAV va blogerlar uchun press-tur o‘tkazildi
2025-11-18 11:15:00 / Yangiliklar

Press-tur ishtirokchilari “Shirin” etnoturizm qishlog‘ida olib borilayotgan ishlar, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakat bilan tanishdilar. Xususan, qishloq aholisi turmush tarzi, qishloqda barpo etilayotgan mehmon uylari, bunga keluvchilar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar e’tibordan chetda qolmadi.
2024-yilda rasman “etnoturizm qishlog‘i” maqomini olgan “Shirin” qishlog‘i qadimgi Zarafshon daryosi o‘zanida joylashgan bo‘lib, taxminan 2500-yillik tarixga ega. Qishloq aholisi azaldan dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Shirin qishlog‘ida bir qator madaniy meros obyektlari va milliy urf-odatlar hozirgi kunga qadar saqlangani diqqatga sazovor.
Qishloqda turizmni rivojlantirish hamda sayyohlar uchun mahalliy hayotini namoyon etish maqsadida qator shart–sharoit mavjud bo‘lib, hunarmandlar markazi, qadimiy sandal uylar, dehqonchilik asbob-anjomlari tayyorlash, ot va tuyada sayr qilish, qadimiy tosh tegirmon, asalarichilik, sho‘rdanak va nisholda tayyorlash kabi udumlarni sahnalashtirish bo‘yicha qishloq hayotini ko‘rsatib beradigan etno qishloq hamda “Shirin Ethno House” markazi, 6 ta hunarmandchilik (kulolchilik, zardo‘zlik, kashtado‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, bo‘yraboflik, miniatyura va xattotlik) ustaxonalari va 2 ta milliy choyxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Milliy qadriyatlarimizni namoyon etuvchi laparlar, kuy-qo‘shiqlar va boshqa marosimlar o‘tkazilishini tashkil etish uchun “Navnihol” folklor jamoalari tashkil etilgan.
Press-tur ishtirokchilari “Shirin” etnoturizm qishlog‘ida sho‘rdanak va nisholda tayyorlash mahorat darslari, qadimgi taomlarni pishirish, qishloq tandirlarida non yopish, asal tortish jarayonlari, tosh tegirmonda yarma tayyorlash va halim pishirishda ishtirok etishdi.


