Qo‘mita haqida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda matnda qo‘mita deb yuritiladi) davlat zaxiralarini shakllantirish, saqlash va zaxiralarga xizmat ko‘rsatishni boshqarish va nazorat qilishni ta’minlash sohasidagi vazifalarni hal etish uchun maxsus vakil qilingan O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Qo‘mita tizimiga unga qarashli tashkilotlar kiradi.
3. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Qo‘mita o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar korxonalar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Qo‘mita va unga qarashli tashkilotlarning moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek qo‘mita tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash qo‘mitaga ajratiladigan mablag‘lar doirasida davlat byudjetidan va qonunchilikda taqiqlanmagan byudjetdan tashqari manbalardan amalga oshiradi.
7. Qo‘mita va unga qarashli tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob raqamlariga (shu jumladan valyuta hisob raqamlariga), O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. Qo‘mitaning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda davlat zaxirasida moddiy boyliklar to‘planishi, yangilanishi, almashtirilishi, chiqarilishining yillik hajmlarini aniqlash;
davlat zaxiralarining shakllantirilishini, shu jumladan ularning to‘planishi, saqlanishi va yangilanishini ta’minlash;
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan davlat zaxiralari shakllantirilishi (to‘planishi, yangilanishi, almashtirilishi, chiqarilishi), shuningdek qarz olingan tovarlar va mahsulotlarning sifatli va miqdoriy saqlanishi va o‘z vaqtida qaytarilishi ta’minlanishi bo‘yicha topshiriqlar bajarilishini doimiy nazorat qilish;
davlat zaxiralaridan belgilangan tartibda tezkor foydalanishga doimiy tayyorlikni ta’minlash.
9. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat zaxirasida moddiy boyliklar harakatining yillik hajmlarini shakllantirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga kiritadi;
davlat zaxirasi tovarlari va mahsulotlari to‘planishi, joylashtirilishi, saqlanishi va chiqarilishini belgilangan tartibda ta’minlaydi;
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan davlat zaxiralari shakllantirilishi, shuningdek qarz olingan tovarlar va mahsulotlarning sifatli va miqdoriy saqlanishi va o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlanish bo‘yicha topshiriqlar bajarilishini nazorat qiladi;
davlat zaxiralari moddiy boyliklari bilan ishlashda qonun buzilishlari aniqlanganda qonunchilikda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qo‘llaydi;
respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlarning davlat zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha harajatlarning moliyalashtirilishini, shuningdek qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari faoliyati moliyalashtirilishini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga davlat zaxiralaridagi moddiy boyliklar to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotlarni, ularni to‘plashga doir topshiriqlar bajarilishi hamda davlat zaxirasiga qaytarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra davlat zaxiralari masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
10. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita hamda o‘ziga qarashli tashkilotlar orqali hal etadi.
III. Qo‘mitaning huquqlari va javobgarligi
11. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar korxonalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
davlat zaxiralari hajmlariga va ularni saqlash uchun joylashtirish joylariga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritish;
mustaqil ravishda yoki o‘ziga qarashli tashkilotlar orqali, shuningdek vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar orqali davlat zaxiralari tovarlari va mahsulotlarini xarid qilishni (import ham shu jumlaga kiradi) va realizatsiya qilishni (eksport ham shu jumlaga kiradi) belgilangan tartibda amalga oshirish;
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari, mulkchilik shakllari va idoraviy mansubligidan qat’iy nazar korxonalar va tashkilotlarda davlat zaxiralari moddiy boyliklarining hisobi to‘g‘ri yuritilishi, to‘planishi, saqlash sharoitlari ta’minlanishi, ularning sifatli va miqdoriy saqlanishi va ulardan foydalanish ta’minlanishi yuzasidan belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazish;
davlat zaxiralari korxonalarda mas’uliyatli saqlanishini tekshirish uchun zarurat bo‘lganda, belgilangan tartibda vazirliklar, idoralar, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning mutaxassislarini (shu jumladan pulli asosda) jalb etish;
yangilanishi kerak bo‘lgan mahsulotlar o‘z vaqtida chiqarilishi (shu jumladan qayta ishlanishi) chora-tadbirlarini ko‘rish;
12. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Qo‘mita faoliyatini tashkil etish
13. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Qo‘mita raisining bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.
Qo‘mita raisi mehnatga haq to‘lash, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga, rais o‘rinbosari esa — vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
14. Qo‘mita raisi:
qo‘mita faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
xodimlarning belgilangan soni doirasida qo‘mita tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi, uning markaziy apparati shtat jadvalini, shuningdek qo‘mita markaziy apparati va unga qarashli tashkilotlarning xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
qo‘mitaga qarashli tashkilotlarning tuzilmasini va ular to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
qo‘mita markaziy apparati xodimlarini, qo‘mita tizimiga kiradigan unga qarashli tashkilotlar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Qo‘mita qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Qo‘mitada rais (hay’at raisi), uning o‘rinbosari, shuningdek Qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Qo‘mita raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
Qo‘mita faoliyatining davlat zaxiralarini shakllantirish, saqlash va ularga xizmat ko‘rsatishni boshqarish va nazorat qilishni ta’minlashni davom ettirish bo‘yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Qo‘mita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Qo‘mita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at Qo‘mita vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga Qo‘mita vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari Qo‘mitaning qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda rais paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
16. Qo‘mita qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
