YER UCHASTKASIDA NOQONUNIY QURILISH: MUAMMO VA UNING OQIBATLARI
2026-03-25 15:45:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda aholi sonining ortishi va uy-joyga bo‘lgan ehtiyojning ko‘payishi natijasida yer uchastkalarida noqonuniy qurilish holatlari ham ko‘payib bormoqda. Bu holat nafaqat shaharsozlik tartibiga, balki qonun ustuvorligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Noqonuniy qurilish — bu vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz, tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz yoki belgilangan me’yor va qoidalarga zid ravishda amalga oshirilgan qurilish ishlaridir. Bunday qurilishlar qator salbiy oqibatlarga olib keladi:
-shaharsozlik rejalarining buzilishi;
-infratuzilmaga ortiqcha yuk tushishi;
-qo‘shnilar huquqlarining buzilishi;
-favqulodda holatlarda xavfning ortishi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan shaxslar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Masalan, Qarshi tumani Xonobod mahallasida yashovchi fuqaro A.S (ismi, familiyasi o‘zgartirilgan) yashash uyiga tutash bo‘lgan yer maydonidan bir yarim metr balandlikda beton devor qurib, noqonuniy qurilish ishlarini olib borganligi uchun Kadastr agentligi Qarshi tuman bo‘limi tomonidan MJtK 60-moddasining
3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari ya’ni 82.400.000 so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan. Keyinchlik fuqaro A.S tomonidan noqonuniy qurilgan mazkur devor o‘zining hisobidan buzib tashlangan, biroq endilikda fuqaro tayinlanga jarimani to‘lashga majbur. Shu sababli fuqarolardan kelgusida o‘zboshimchalik bilan hujjatlarsiz noqonuniy qurilish ishlarini olib borishda e’tiborli bo‘lishlari va qonunlarga rioya etishlari lozim bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, yer uchastkalarida noqonuniy qurilish qilish — bu nafaqat qonunbuzarlik, balki jamiyat manfaatlariga zid harakatdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qarshi tumani sudining tergov sudyasi A.R.Ashurov
